Murotjon Azimovning taʼkidlashicha, viloyat tibbiyot muassasalarini saqlash xarajatlari uchun 2 trln. soʻm yoki 2016-yilga nisbatan 4 baravar koʻp mablagʻ ajratildi (qurilish-taʼmirlashdan tashqari). Koʻp yillardan beri qurilishi toʻxtab qolgan Koson va Nishon tibbiyot birlashmalari zamonaviy koʻrinishga keltirilib, foydalanishga topshirildi.
- Tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yoʻnalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda, — deydi viloyat rahbari. — Ayniqsa, “Ona va bola markazi” binosi barpo etilganini viloyatimiz ahli uchun munosib sovgʻa boʻldi, desak adashmaymiz. Lekin, faoliyatimizni tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqmasak, ajratilgan mablagʻlar, yaratilgan shart-sharoitlar amalda oʻzini toʻliq oqlamoqdami, viloyatimiz xalqi tibbiyot tizimidan haqiqatda rozimi, degan savollarga javob topa olmaymiz.
Uchrashuv davomida masʼullarning hisobotlari, shifokorlarning takliflari tinglandi. Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar boʻyicha bir qator masʼullar vazifasidan ozod etildi. Ishga kiritib qoʻyish yoki davlatimiz tomonidan ajratilgan mablagʻlarni talon-taroj boʻyicha aniqlangan korrupsion holatlarga tegishli organlar tomonidan surishtiruvlar olib borilayotgani taʼkidlandi.