Toshkent shahar IIBBga ogʻir sharoitda boshpanasiz qolgan ayol yordam soʻrab murojaat qildi.

Poytaxt IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar eʼtiborsiz qoldirishmadi.

Buxorolik 30 yoshli Salima (ism oʻzgartirilgan) bilan Chilonzor tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar bogʻlanib, uni ichki ishlar boʻlimiga olib keldi va shaxsini aniqlab, qiyinchiliklarga uchrashining sababi haqida surishtirdi.

Salimaning soʻzlariga koʻra, ota-onasi hayotdan koʻz yumgach ularning oilasi moddiy qiyinchilikka duch kelgan. 2017-yili Salima poytaxtga ishlash maqsadida kelgan. Dugonasi bilan Chilonzor tumanidagi xonadonda ijarada turgan va kafeda hamda qandolat ishlab chiqarish korxonasida ishlab yurgan.

Keyinchalik bir yigit bilan tanishib, u bilan birga yashay boshlagan. Yaqinda qiz farzandli boʻlgan. Bolaning otasi esa unga moddiy yordam berishdan va goʻdakning tarbiyasi bilan shugʻullanishdan bosh tortgan.

Salimaning holatini oʻrganish maqsadida Buxoro viloyati IIBga tegishli hujjatlar yoʻnaltirildi, Salima va uning bolasi esa Chilonzor tumanidagi dugonasining uyiga vaqtinchalik joylashdilar.