Matbuot kotiblari hamda OAV xodimlari Ozarbayjonda tajriba almashmoqda

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi asosida qator davlat organlari Axborot xizmatlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tajriba almashish va sohadagi yangilanishlarni oʻrganish maqsadida Ozarbayjonda boʻlib turishibdi.

    Boku shahrida Ozarbayjonning Mediani rivojlantirish agentligida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutasaddilari hamda tajriba almashish tadbirlari ishtirokchilari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Maʼlumot uchun: mazkur uchrashuv Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida media sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan oʻzaro tashriflar va media-turlar doirasida tashkil etildi.

    Uchrashuvda Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligi ijrochi direktori oʻrinbosari Natiq Mammedli oʻzbekistonlik hamkasblarning tashrifidan mamnunligini taʼkidlab, ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik nafaqat iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy, shu jumladan, axborot sohasida ham samarali kengayib borayotganini qayd etdi.

    Ikki davlatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlarni global axborot bozorida xolis va tezkor yoritilishida media va raqamli axborot sohasida hamkorlikni mustahkamlashning ahamiyati haqida toʻxtaldi.

    Shuningdek, uchrashuvda tomonlar “Yoʻl xaritasi” doirasida tajriba va resurslar almashinuvini muntazam yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalarni konstruktiv amalga oshirish hamda jurnalistlar va kommunikatsiya sohasidagi mutaxassislarning kasbiy malakalarini oshirish ikki mamlakat aholisida mediasavodxonlik va informatsion immunitetni hosil qilish va shakllantirishga xizmat qilishi lozimligini taʼkidlashdi.

    Muloqot davomida bu kabi tashriflar ikki mamlakat media sohasi va axborot siyosatidagi yaqin aloqalarni yanada chuqurlashtirishda muhim oʻrin tutishi qayd etildi.

    Oʻzbekistonlik ishtirokchilar Ozarbayjonda axborot va media sohasida qoʻllanilayotgan tizimli yondashuv, ayniqsa, media subyektlarini rivojlantirish hamda raqamli jarayonlarni tezlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yuksak baholadilar.

    Maʼlumot oʻrnida: tashrif dasturiga muvofiq, Axborot xizmati rahbarlari uchun oʻquv seminarlari hamda OAV vakillari uchun press-turlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.