“Matbuot uyi” sotilmaydigan boʻldi

    Mamlakatimizda 21 Dekabr 2021 2616

    Bugun Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bir guruh bosma matbuot nashrlari bosh muharrirlari bilan uchrashdi. Unda bosma matbuot — gazeta va jurnallar faoliyatiga oid muammolar, yangi takliflar muhokama qilindi.

    Shuningdek, Sherzod Asadov “Matbuot uyi” nomi bilan mashhur boʻlgan va hozirda sotuvga qoʻyilgan bino uzil-kesil sotuvdan olingani hamda bino kelgusida ommaviy axborot vositalari, jumladan bosma nashrlarga qoldirilishini maʼlum qildi.

    “Matbuot uyi”ning sotuvga qoʻyilishi jurnalistlar orasida salbiy kutib olingan va bir qancha tanqidiy chiqishlar qilingan edi.

    Sherzod Asadovning maʼlum qilishicha, ushbu masala Prezident tomonidan nazoratga olingan va ushbu bino zamonaviy talablar asosida qayta quriladi hamda ommaviy axborot vositalari, shuningdek Jurnalistlar uyushmasi foydalanishi uchun topshiriladi.

    Bundan tashqari OAVlar, bosma nashrlar hamda Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus qaror loyihalari tayyorlanayotgani maʼlum qilindi.