Zero, muhtaram yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, “Omma­viy axborot vositalari vakillaridan nafaqat profes­sio­nal bilim va malaka, hayotiy tajriba, oʻz soʻzi uchun masʼuliyat hissi, ayni vaqtda yuksak fuqarolik pozitsiyasi, maʼnaviy jasorat ham talab etiladi”. 27-iyun – matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan joylarda tashkil etilayotgan tadbirlarda soha xodimlarining faoliyati alohida eʼtirof etilmoqda. Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida oʻtkazilgan tadbirga viloyatimizda faoliyat yuritayotgan sharafli kasb egalari – bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif qilindi.

Tadbirda soʻzga olganlar ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, joylardagi ijtimoiy muammolar, xato va kamchiliklarni xolis yoritib kelayotganligi, bu borada davlat idoralari va jamoatchilik eʼtiborini qaratib koʻtarilgan muammolarga yechim topishda ulkan hissa qoʻshayotganligi, bundan tashqari jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazishdagi faolligini alohida ehtirof etishdi. Shu kuni bir guruh soha xodimlari adliya boshqarmasining tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Darhaqiqat, bugun oʻz isteʼdodi, ijodi, oʻtkir qalami va qudratli soʻzi bilan mat­buotimiz rivoji hamda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan ijod ahlining fidokorona mehnatini har qancha eʼtirof etsak arziydi. Tadbirda viloyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotini keng targʻib etish va jamiyatni sogʻlomlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etib kela­yotgan soha fidoyilarining Vatanimiz taraqqiyoti, matbuotimiz rivoji yoʻlida olib borayotgan ezgu ish­lari yana bir bor ulugʻlandi.