Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi bu haqdagi maʼlumotlarni tasdiqlab, ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli oʻrganish ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, bu olimpiada savollari Fan olimpiadalari markazi tomonidan tuzilib, har bir hududda (hududiy boshqarmalarda) markazlashgan holatda chop etilmoqda.
«Shu munosabat bilan, hududlardagi Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalarida tashkil etilgan shtablarda savollar chop etish jarayonida ayrim xodimlarning zimmasidagi vazifaga masʼuliyatsizlik bilan yondashgani, jarayonda adolatni taʼminlamagani oqibatida materiallar tarqaldi», — deya qayd etgan agentlik.
Agentlik bu holatga sababchi shaxslar aniqlanishi va ular amaldagi qonunchilik doirasida javobgarlikka tortilishini maʼlum qildi.
Shuningdek, matematika fanidan asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi har bir sinf kesimida (9−10−11-sinf) qayta oʻtkazilishini maʼlum qildi.
Agentlik olimpiada savollari yoki javoblari pul evaziga taklif etilsa, jarayonlarga tanish-bilishchilik yoki noqonuniy taʼsir koʻrsatish holatlari boʻlsa, Fan olimpiadalari markazning maxsus boti yoki +998 71 207 05 24 telefon orqali xabar berishni soʻradi.







