Matematika va IT yo'nalishlariga ixtisoslashgan MTT ishga tushdi

    Xiva shahrining Tozabog' mahallasi hududdagi eng yirik maktabgacha ta'lim tashkiloti jajji bolajonlarga o'z eshigini ochdi.

    Mazkur dargoh eski bolalar bog'chasini qayta rekonstruksiya qilish hisobiga birdaniga 350 nafar bolakayni o'z bag'riga oldi. Rekonstruksiya ishlari uchun vazirlik tomonidan 7,4 milliard so'm ajratildi.

    Yangi maktabgacha ta'lim tashkilotiga buyuk bobokalonimiz Al-Xorazmiy nomi berilgan. Bu bejiz emas. MTT matematika va IT yo'nalishlari bo'yicha faoliyat yuritadi. Muassasada 40 nafardan ortiq tajribali pedagog ish boshladi.

    Muhtasham, barcha qulayliklarga ega MMT ochilishida so'zga chiqqanlar bu dargohda bo'lg'usi xorazmiylar tarbiyalanadilar, deya bu ish boshida turgan Prezidentimizga o'z minnatdorchiliklarini bildirdilar.

    Hozirda Xiva shahrida maktabgacha ta'lim tashkilotlariga bolalarni qamrab olish ko'rsatkichi viloyatda eng yuqori.

    Yangi maktabgacha ta'lim maskani ochilishi tadbirida Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin ishtirok etdi.

    Ro'zimboy Hasan,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri.