Matonatli amputant futbolchilarimizga Prezident sovg‘alari topshirild

    Bugun Milliy Paralimpiya qo‘mitasida amputant futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Odil Abduraxmanov, Sportni rivojlantirish vaziri Adkham Ikramov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vise-prezidenti Ravshan Irmatov, futbol bo‘yicha O‘zbekiston amutantlar terma jamoasi vakillari ishtirok etishdi.

    Taqdirlash marosimi avvalida Adkham Ikramov Prezidentimiz aholining turli qatlamlari, xususan, imkoniyati cheklangan vatandoshlarimizga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligini bu yilgi Xalqaro nogironlar kunining o‘zgacha qarshi olinayotganidan ko‘rish mumkinligini ta’kidladi.

    Rasmiylar terma jamoaning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati bilan yana bir bor qutlab, ulardan kelgusida ham ulkan g‘alabalar kutib qolishlarini bildirishdi. Shuningdek, amputant futbolchilarimizning bunday rag‘batlantirilishi imkoniyati cheklangan boshqa hamyurtlarimizning sport bilan shug‘ullanishlari uchun katta motivasiya bo‘lishini alohida ta’kidlashdi.

    Shundan so‘ng tadbirning eng kulminasion nuqtasiga o‘tildi. Unda qahramon sportchilarimizga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” mashinalari tantanali ravishda topshirildi.

    Shubhasiz, bunday e’tibordan amputant futbolchilarimizning quvonchi cheksiz. Ular davlatimiz rahbariga ko‘rsatilgan ushbu g‘amxo‘rlik uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusida ham ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritishga va’da berishdi.