Mavsum davomida 48 ta holatda fermer xoʻjaliklari foydasiga hal etildi

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi tuman boʻlimlari qoshida Arbitraj guruhlari tashkil etilgan boʻlib, ular belgilangan yoʻnalishda ish olib borishmoqda.

    Maʼlumki, 2019-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan paxta yigʻim-terimi mavsumida Arbitraj guruhlari faoliyatini tashkil etish yoʻlga qoʻyilgan edi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, “Oʻzstandart” agentligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda barcha hududlarda tashkil etilgan ushbu guruhlar maskanlarga qabul qilinayotgan paxtaning sifatini aniqlash, sof vazn bilan konditsion vazn oʻrtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning adolatli qoʻllanishida masʼuldirlar.

    Joriy yilgi paxta yigʻim-terimi davrida ham “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi tuman boʻlimlari qoshida Arbitraj guruhlari tashkil etilgan boʻlib, ular belgilangan yoʻnalishda ish olib borishmoqda.

    Ayni vaqtga qadar viloyatdagi Arbitraj guruhlariga fermer xoʻjaliklari va paxta qabul qilish maskanlari oʻrtasidagi paxta sifati, vaznini aniqlashda yuzaga keladigan nizoli holatlar bilan bogʻliq 65 ta murojaat kelib tushgan.

    Mazkur murojaatlarni qonun doirasida oʻrganish va tegishli xulosaga kelish yuzasidan har bir holat chuqur tahlil etildi. Zamonaviy oʻlchov va qiyoslov uskunalaridan foydalanilgan holda tahlil oʻtkazilib, 17 ta murojaatlar paxta toʻqimachilik klasterlari foydasiga va 48 ta holatda paxta xom ashyosini yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari foydasiga hal etildi.

    Jumladan, Narpay tumanidagi arbitraj guruhi aʼzolari tomonidan “Yangi Saroy” va “Yangi qishloq” fermer xoʻjaliklari tomonidan “Maroqand Sifat” MCHJga qarashli paxtani qabul qilish maskanlarida laboratoriya tahlil natijalaridan narozilik bildirgan murojaati yuzasidan monitoring oʻtkazildi.

    Oʻrganish davomida davlat standart talablari asosida paxta xom ashyosi qayta laboratoriya koʻrigidan oʻtkazilib fermer xoʻjaliklari rahbarlarining huquqiy manfaati himoya qilindi.

    Baxodir Raxmonov

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

    bosh nspektori