Xoʻsh, dorilangan tarvuz nimasi bilan xavfli? Undan zaharlanganda qanday yoʻl tutish lozim? Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu mavzuda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati sanitariya-gigiyena boshqarmasi boshligʻi A.Shukurovga murojaat qildi.

Tarvuz — salomatlik uchun eng foydali mahsulotlardan biri, — deydi mutaxassis. — U oʻlkamizda asosan iyul-avgust oylarida gʻarq pishib yetiladi. Mahsulot tarkibi A, S, Ye vitamini, V guruhi darmondorilari, magniy, kaliy, kalsiy, fosfor, temir va natriy moddalariga boy boʻlib, peshob va safro haydovchi taʼsirga ega.

Uning sharbati buyraklar va jigarni zararli toksinlardan tozalab, xolesterin miqdorini kamaytiradi. Ayniqsa, tarvuz onkologik kasalliklarning oldini olish, hazm faoliyatini yaxshilash va moddalar almashinuviga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Biroq tezpishar tarvuzlarni isteʼmol qilishda ehtiyotkorlik choralariga rioya qilish kerak. Boisi bugun koʻpchilik dehqonlar ushbu mahsulotni yetishtirishda azotli oʻgʻitlardan haddan ortiq koʻp foydalanmoqda. Bu esa koʻpchilik insonlarning dorilangan tarvuzlardan zaharlanishiga sabab boʻlyapti.

— Zaharlanish simptomlari qanday namoyon boʻladi?

— Agar kimdir tarkibida nitrat moddasi meʼyordan ortiq boʻlgan tarvuz isteʼmol qilsa, uning noxush belgilari 4-6 soatdan keyin paydo boʻladi.

Xususan:

koʻngil aynishi;
qusish;
diareya;
qorin va bosh ogʻrigʻi;
38-39 darajagacha isitma koʻtarilishi;
bosh aylanishi;
yurak urishining sekinlashishi;
qoʻl-oyoqlarning sovuq qotishi va boshqa belgilar kuzatilishi mumkin.

Zaharlanish belgilari namoyon boʻlganda, darhol shifokor bilan maslahatlashish va mutaxassis tavsiyalari asosida muolajalarni davom ettirish zarur. Mabodo, keksa yoshli inson, homilador ayol yoki 12 yoshgacha boʻlgan bola zaharlanganda, “Tez yordam” chaqirish maqsadga muvofiq.

— Bu noxush holatdan saqlanish uchun nima qilish lozim?

— Avvalo, tarvuz xarid qilishda sotuvchidan tegishli ruxsatnomani talab qilishi kerak: unda mahsulot manbai, shuningdek sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi zarur maʼlumotlar oʻrin olgan boʻladi.

Tarvuz tanlayotganda, uning buzilmaganiga ishonch hosil qiling. U shikastlanmagan, yoriqlarsiz hamda qoraymagan, mogʻorlamagan boʻlishi kerak. Tarvuz kesilganda rangi toza qizil va oʻzgarmagan boʻladi. Tanovul qilishdan avval yaxshilab yuvish lozim.

Shuningdek, uni sovutilgan holda yeyish hamda isteʼmol qilishda boshqa xil oziq-ovqat mahsulotlari bilan aralashtirib yubormaslik, yaʼni taom qabul qilish ketma-ketligiga rioya qilish tavsiya etiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.