Mavsumdan oldin ovga chiqqanlar jazoga tortildi

    Yashil sayyora 24 Sentabr 2020 2541

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi holat. Ovchilarmi yo brokonyerlar? Tabiatni muhofaza qilish idorasi holatni oʻrganishini soʻraymiz” sarlavhali murojaat yuzasidan Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan tezkor surushtiriv ishlari olib borildi.

    Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

    Unga koʻra, oʻrganish davomida Surxondaryo viloyati Boysun tumani “Temir darvoza” mahallasida yashovchi Oʻzbekiston ovchilar va baliqchilar sport birlashmasi aʼzolari S. Halimov (1991-yilda tugʻilgan, oilali), F. Jumaqulov (1987-yilda tugʻilgan, oilali), O. Jumaqulov (1978-yilda tugʻilgan, oilali) ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ovlangan quyon va kakliklarni Boysun tumani hududida ovlaganligi aniqlandi.

    Holat yuzasidan ular bilan suhbat oʻtkazilganda 32 dona quyon va 1 dona kaklikni joriy yilning 14-sentyabr kuni Boysun tumani togʻli hududlariga chiqib ov qurollari bilan (respublika hududida ov qilish va baliq ovlash qoidalari va “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonuniga zid ravishda) ovlaganliklari maʼlum boʻldi.

    Fotosuratlarda aks ettirilgan besh nafar fuqarodan ikki nafari ov qilmagani aniqlandi.

    Huquqbuzarlarga nisbatan Maʼmuriy Javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 90-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy jarimalar qoʻllanilib, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni undirish choralari koʻrilmoqda.

    Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

    Shuningdek, tarmoqlarda tarqalgan foto suratdagi ovlangan kakliklar 2019-yil Oʻzbekiston ovchilar va baliqchilar sport birlashmasi aʼzosi fuqaro S. Xalimov tomonidan tegishli hujjatlarga asosan ovlaganliklari aniqlandi.