Maxsus inspeksiya transport ustidan nazoratni amalga oshiradi

    Transport 22 Dekabr 2023 1416

    Vazirlar Mahkamasining “Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:

    • Inspeksiyaning maqomi va faoliyatini tashkil etish asoslari;
    • vazifalari, funksiyalari, huquqlari hamda uning xodimlarining javobgarligi;
    • transport sohasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.

    Shuningdek, Harakatdagi temir yoʻl tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:

    • harakatdagi temir yoʻl tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishning talablari hamda davlat xizmatini koʻrsatish tartibi;
    • harakatdagi temir yoʻl tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, roʻyxatdan qayta oʻtkazish hamda ularga roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish tartibi.

    Transport vazirligiga quyidagilar topshirildi:

    • 2024-yil 1-noyabrga qadar harakatdagi temir yoʻl tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish axborot tizimini ishlab chiqish hamda ishga tushirish;
    • 2024-yil 1-dekabrga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda axborot tizimining YAIDXP bilan integratsiya qilinishini hamda tasdiqlangan Maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlari joriy etilishini taʼminlash.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 18.12.2023-yildan kuchga kirdi.