Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini boshqarish tizimi yanada soddalashtiriladi

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-1010-son, 05.12.2024-y.) bilan «Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida«gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Qonunga maxsus iqtisodiy zonalarning maʼmuriy kengashlarini tugatib, ularning vazifalarini maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalarining zimmasiga yuklatishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Bundan tashqari Qonunda maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish boʻyicha qarorlar qabul qilish muddatlarini maqbullashtirish va investitsiya loyihalarining biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslariga ekspertiza xulosalari olish talabi bekor qilinib, loyihalarning belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosa maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinishi haqidagi normani belgilash nazarda tutilmoqda.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.