Uyingizga koʻp odamni jamlash davlatga emas, avvalo oʻzingizga zarar:

Birinchidan, taklif etilganlarni sogʻlom ekanligi, yaʼni virus tashuvchi emasliklariga kafolat berolmaysiz;

Ikkinchidan, agar virus sizning tadbiringizda tarqalsa, xastalarning davolanish xarajatlari zimmangizga yuklanadi;

Uchinchidan, ularning orasida katta ehtimol bilan oilangiz aʼzolari ham boʻladi;

Toʻrtinchidan, jarima toʻlaysiz;

Arziydimi?

Qolaversa, masala virusda ham emas! Toʻy nima oʻzi? Ikki yosh insonning oila qurish qarorini elga eshittirish tadbiri. Bu maqsadga nikohni qayd etish va nikohni oʻqish marosimlarida ishtirok etadigan har ikki tomonning vakil-guvohlari vositasida erishib boʻlinadi. Dasturxon — ixtiyoriy, imkoniyatlar bilan bogʻliq masaladir.

Farzandlarini qoʻllab-quvvatlamoqchi boʻlgan ota-onalar sovgʻalarini, yosh oilaga madad boʻlmoqchi boʻlgan qondoshlar toʻyonalarini hammaga koʻrsatmasdan, yoshlarga berishsa, bexarajat va foydaliroq boʻlmaydimi? Yoshlar yaxshigina sarmoya bilan, xotirjam katta hayotga qadam qoʻyish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Afsus, shu ixtiyoriy qism “orzu-havas"larning raqobat rituallari va ijaraga olingan obroʻni koʻz-koʻz qilish maydoniga aylanib, unda yosh oilaning murgʻak havaslari koʻpkariga tashlangan uloqchadek chilparchin boʻlib ketayapdi.

Yosh oila kimoʻzarchi ota-onalar “koʻmagida” ochofat va yaltiroq isrofdan qarzga botib qolayapdi. Sohta va befoyda eʼtirof ilinjida jamiyatning asosiy ustuni hisoblangan oilaning poydevori qumdan boʻlib qolayapdi va birinchi sinov shamolidayoq sochilib ketayapdi. 

Kim nima eksa shuni oʻradi. Oʻzbek xalqi yuz yildan beri hech narsa oʻrmayapdi. Baʼzi xalqlar allaqachon kelajak hisobini yakunlamoqdalar... hatto bizning oʻrnimizga ham. 
Toʻy-maʼrakalardagi xoʻjakoʻrsin raqobatdan bosh koʻtarib, tarbiya, ilm-maʼrifat, iqtisodiy taraqqiyot yoʻlida harakat va raqobatga kech qolmayapmizmi?

Yaponlarda juda qiziq bir xalq maqoli bor ekan: “Otalarning puliga toʻy qilganlarning nabiralari gadoylik qiladilar”.

Oʻzbekistonni oʻzgartirish uchun oʻzimizni oʻzgartirishimiz kerak.

Alisher Qodirov,

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi