May oyida elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarish kamaydimi?

    Ijtimoiy tarmoqlarda “may oyida elektr energiyasini ishlab chiqarish va tabiiy gaz qazib chiqarish kamaydi”, mazmunida xabarlar eʼlon qilindi.

    Mazkur xabarlar yuzasidan Energetika vazirligi izoh berdi

    2024-yil may oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berish koʻrsatkichlari quyidagicha:

    Ushbu davr mobaynida respublikamizda 6,1 mlrd kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 337,9 mln kVt•soat yoki 5,8 foiz koʻp.

    Shuningdek, respublika isteʼmolchilariga 5,0 mlrd kVt•soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Mazkur koʻrsatkich 2023-yilning shu davridagiga nisbatan 297,1 mln kVt•soat yoki 5,7 foiz kam.

    Shu jumladan, iqtisodiyot tarmoqlariga — 3,7 mlrd kVt•soat (92,2 mln kVt•soat koʻp), aholi isteʼmolchilariga — 1,2 mlrd kVt•soat (393,7 mln kVt•soat kam) elektr energiyasi yetkazib berilgan. Yaʼni, aholi isteʼmolchilari tomonidan shuncha hajmdagi elektr energiyasi tejalgan.

    Qolgan elektr energiyasi stansiyalarning oʻz ehtiyojlari va ishlab chiqarishdagi ehtiyoj hamda elektr energiyasini uzatishdagi sarf uchun ishlatilgan.

    Kam yetkazib berilganining asosiy sababi shundaki, may oyida tariflar oʻzgarishi fonida aholi isteʼmolchilari elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishgan. Sanoat korxonalari esa, yuqorida koʻrganingizdek, prognozga nisbatan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi isteʼmol qilgan.

    Ortiqcha ishlab chiqarilgan mazkur elektr energiyasi qoʻshni davlatlarga eksport qilindi.

    Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, hozirgi kunda Oʻzbekistonda 8 ta quyosh fotoelektr va bitta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan boʻlib, ular kunduz kuni 2000 MVt (umumiy ishlab chiqarishning 20 foizi)gacha “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Buning yordamida import hajmi keskin kamaydi.

    Shu bois, aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda elektr energiya ishlab chiqarish bilan bogʻliq hech qanday muammo yoʻq. Aksincha, bundan buyon mamlakatimizda “yashil” elektr stansiyasilar quvvati oshirib borilaveradi va elektr energiyasi isteʼmolga (talabga) nisbatan koʻproq ishlab chiqarilishiga erishiladi.

    Shuningdek, may oyida 3 554,8 mln kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Bu oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 41 mln kub metr kamni tashkil etgan.

    Bunda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari kamayishi Qandim gazni qayta ishlash zavodi va “Jarquduq” gazni kompleks tayyorlash qurilmasida rejaviy taʼmirlash ishlari va boshqa texnologik sabablarga koʻra yuzaga kelgan.