баннер
21 Mar 2025
10:01

    May oyida Samarqandda triatlon va paratriatlon boʻyicha Jahon kubogi boʻlib oʻtadi

    Shu yilning 24-25-may kunlari qadimiy Samarqandda butun dunyodan eng kuchli “Elite” sportchilari ishtirok etadigan triatlon va paratriatlon boʻyicha Jahon kubogi boʻlib oʻtadi.

    “Dunyo” AAning xabar berishicha, musobaqaning tashkiliy qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, Samarqand 20 dan ortiq davlatdan kelgan ishtirokchilarni qabul qiladi va poyga davomida sportchilar sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib boradi. Musobaqa gʻoliblari keyingi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish uchun reyting ochkolarini qoʻlga kiritishda katta ustunlikka ega boʻladilar.

    2024-yilda Samarqandda “World Triathlon Cup” debyuti boʻlib oʻtdi va shu zahotiyoq Butunjahon triatlon xalqaro federatsiyasining eng yuqori baholarini oldi, shuningdek, ishtirokchilar va tomoshabinlar eʼtirofiga sazovor boʻldi.

    “World Triathlon2 Cup” doirasida sportchilar “Standard” masofada bellashadilar: Suzish - 1,5 km, velosiped bosqichi - 40 km va yugurish bosqichi - 10 km.

    “World Triathlon Para Cup”da turli toifadagi para-sportchilar ishtirok etadi: jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar (PTS2-3-4-5 ), nogironlar aravachasidagi sportchilar (PTWC) va koʻrish qobiliyati zaif sportchilar oʻzlarining gidlari (PTVI) bilan Super Sprint masofasida: Suzish - 750 m, velosiped bosqichi - 19 km va yugurish bosqichi - 5 km.

    Jahon kubogi doirasida triatlon boʻyicha Oʻzbekiston ochiq chempionati ham boʻlib oʻtadi va unda professional va havaskor sportchilar ishtirok etadi.

    “Standard” masofada “AGE group” toifasidagi sportchilar ham ishtirok etadilar.

    Musobaqa mintaqadagi eng yirik dam olish maskani – “Silk Road Samarkand” zamonaviy sayyohlik majmuasi hududida boʻlib oʻtadi. Majmua 8 ta zamonaviy mehmonxonani oʻz ichiga oladi va tanlov ishtirokchilari uchun eksklyuziv shart-sharoitlar, jumladan, turar joy uchun maxsus chegirmalar taqdim etadi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech