Maydanak va Suffa radioastronomik observatoriyalari. Ularda qanday tadqiqotlar olib boriladi?

    Maydanak observatoriyasi Oʻz FA Ulugʻbek nomidagi Astronomiya institutining astronomik kuzatuv punkti hisoblanadi. Unda 7 ta teleskop mavjud boʻlib, ularning ichida eng kattasi — koʻzgusining diametri 1.5 metr boʻlgan AZT-22 teleskopidir. Ushbu teleskoplarda turli osmon jismlari — kichik sayyoralar, koinot chiqindilari, Somon Yoʻli galaktikamizdagi oʻzgaruvchan va qoʻshaloq yulduzlar, ekzosayyoralar, qoʻshni galaktikalar va yadrosi faol boʻlgan kvazar va blazar deb nomlanuvchi yosh, shakllanayotgan galaktikalar kuzatuvlari olib borilmoqda.

    Observatoriyaga 10 dan ortiq xalqaro ilmiy markazlar bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalari asosida koʻplab zamonaviy uskunalar, yorugʻlik detektorlari olib kelinib, teleskoplarga oʻrnatilgan va ular yordamida zamon talabiga javob beruvchi kuzatuvlar, tadqiqotlar oʻtkazilmoqda.

    Jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi jamgʻarmasi orqali zamonaviy yorugʻlik detektorlari jamlanmasi sotib olindi. Bu detektor-kameralarni 3 ta teleskopga oʻrnatish orqali kuzatuv sifati va ilmiy natijalar aniqligini ancha oshirish kutilyapti.

    Bundan tashqari, dengiz sathidan 2500-3000 m balandda joylashgan Turkiston togʻ tizmasi hududi — Suffa platosida hozirgi vaqtda noyob ilmiy obyekt RT-70 radioastronomik kompleksi joylashgan.

    Xalqaro kelishuvga asosan Suffa platosi hududida radioshaffoflikni kecha-kunduz monitoring qilish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va RT-70 radioteleskopini barpo etish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi RT-70 radioastronomik observatoriyasi tomonidan amalga oshiriladi.

    Qurilayotgan majmuaning bosh instrumenti toʻla buriluvchi diametri 70 metrli antenna spektrning millimetrli toʻlqin uzunligi diapazonining qisqa sohasida ishlovchi radioteleskopning adaptiv tizimli yangi avlodi hisoblanadi. RT-70 radioteleskopi katta yuzali antennaning nodir xarakteristikalariga ega instrument sifatida uzoqdagi apparatlar kosmik bazasi bilan aloqani taʼminlash uchun ham foydalanilishi mumkin.

    Ilmiy kompleksdan foydalanish istiqbollari bizning mamlakat olimlari uchun foydali boʻlishi shubhasiz. Umuman olganda, Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti, eng yaxshi optik astropunkt (Maydanak togʻi)ga ega olimlarimiz allaqachonlardan beri xalqaro dasturlarda qatnashib kelmoqda. Maydanak observatoriyasida optik diapazonda va Suffa platosida radiodiapazonda sinxron kuzatuvlar kosmik obyektlardagi jarayonlar dinamikasi va fizikasini yana-da chuqurroq oʻrganish imkonini beradi.

    Suffa platosidagi radioastronomik kompleks, professor-oʻqituvchilar tarkibi uchun, shuningdek, Toshkent davlat universiteti va Samarqand pedagogika universiteti astrofizika va astronomiya kafedrasi hamda Toshkent axborot va aloqa universiteti talabalari uchun ham yirik ilmiy-pedagogik markaz boʻlib qoladi.