Tasdiqlangan holatlarning 70 foizdan ortig‘i Yevropa davlatlari, 25 foizi esa Amerika qit’asi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xastalik tufayli besh nafar bemor hayotdan ko‘z yumgan.
Shu bois JSST o‘tgan hafta so‘ngida maymun chechagi epidemiyasini favqulodda holat deb e’lon qilgandi.
Endi esa tashkilot bemorlar bilan aloqada bo‘lgan, shuningdek, infeksiyani yuqtirish xavfi yuqori aholi qatlamiga emlanishni tavsiya etmoqda. Ular orasida tibbiyot xodimlari ham bor!
Xususan, Yevropa Ittifoqi, Kanada va AQSHda “MVA-BN” vaksinasi amalda qo‘llash uchun tasdiqlandi. Shuningdek, “LC16” va “ACAM2000” vaksinalarining samaradorligini baholash jarayoni davom etmoqda.
“Maymun chechagiga qarshi emlash vositalarining qanchalik yuqori natija berishi, qolaversa, talab etiladigan dozalari haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasmiz, — deydi T.Gebreyesus. — Ammo kasallik profilaktikasida hozircha eng to‘g‘ri chora shu. Ayni sababdan bunga doir tadqiqotlar davom ettirilyapti."
JSST rahbarining ta’kidlashicha, qo‘llanilgan vaksina infeksiyadan darhol himoya qilmaydi. Chunki tananing moslashish jarayoni bir necha haftaga cho‘zilishi mumkin.
Shuningdek, maymun chechagini yuqtirgan bemorlar va virus tashuvchisi bo‘lgan fuqarolar bilan aloqani cheklash lozim. Bu xastalik nafaqat erkaklar, balki bolalar, homilador ayollar va immuniteti zaif odamlar salomatligiga ham xavf soladi.