Xonadonida noqonuniy "Mayning ferma" tashkil qilganlar ushlandi

    Toshkent viloyatida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tuman boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida noqonuniy "Mayning ferma" tashkil qilish holatlarini fosh etish boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda "Guliston" MFY hududidagi xonadonda yashovchi Q.Т. oʻz uyida 8 ta toʻplamdagi mayning qurilmalarini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga ulab, qonunga xilof ravishda mayning faoliyati bilan shugʻullanib kelib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,2 mlrd soʻm zarar yetkazgani aniqlandi.

    shuningdek, Departamentning Yuqorichirchiq tuman boʻlimi, DXX va IIBB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.Sh. "Sultonravot" MFY hududidagi turar-joy binosida "ArtMiner S9" rusumli mayning qurilmasini oʻrnatib, qonunga xilof ravishda mayning faoliyati bilan shugʻullanib kelib, davlat va jamiyat manfaatlariga 50,7 mln soʻm zarar yetkazgani aniqlandi.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.