“McDonaldʼs” yoki “Wac donaldʼs” ?

    Fikr 23 Noyabr 2023 1405

    Tadbirkorlarga oʻzganing tovar belgisidan foydalanish emas, oʻz tovar belgisini yaratishni tavsiya etamiz.

    AQSHning McDonaldʼs fastfud restoranlar tarmogʻini hammamiz juda yaxshi bilamiz. Hatto uning xizmatlaridan foydalanishni juda sevamiz. Aslida gap bu haqida ketmayapti.

    Ijtimoiy tarmoqlarda AQSHning McDonaldʼs fastfud restoranlar tarmogʻi tovar belgisiga oʻxshash boʻlgan “Wac donaldʼs” tovar belgisidan foydalangan holda fastfud restoranlari ochilganligi keng muhokamalarga sabab boʻldi. Bu qonunan toʻgʻrimi?

    AQSHning McDonaldʼs korporatsiyasi “McDonaldʼs” tovar belgisiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida muhofazasi uchun (MGU 9501492, MGU 9501495, MGU 20141287 hamda MGU 20141289-sonli) guvohnomalar olgan.

    Ushbu holatlarni oʻrganish doirasida belgilangan tartibda “WAC DONALDS” MCHJda intellektual mulk huquqlariga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruv oʻtkazildi.

    Tekshiruv natijasiga koʻra, “WAC DONALDS” MCHJ tomonidan AQSHning McDonaldʼs korporatsiyasiga tegishli boʻlgan “McDonaldʼs” tovar belgisiga oʻxshash boʻlgan “Wac donaldʼs” tovar belgisidan fastfud restoranlari peshtoqida, ichki dizayn bezaklarida, fastfud taomlarini qadoqlarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda foydalanganligi maʼlum boʻldi.

    Tekshiruv yakuni boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, ushbu jamiyatga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi.

    Natijada, “McDonaldʼs” tovar belgisiga oʻxshash boʻlgan “Wac donaldʼs” tovar belgisidan restoran faoliyatida foydalanish toʻxtatildi.

    Bizningcha, bu tadbirkorlik subyekti vakillari mamlakatimizda jahon standartlariga hamohang ravishda intellektual mulk huquqlari toʻliq himoyalanganligidan bexabar boʻlgan. Ularga bu borada huquqiy tushunchalar berildi va profilaktik tadbirlar oʻtkazildi. Qonuniy xaq-huquqlari, tadbirkorlik va brend yaratishda nimalar mumkinu, nimalar mumkin emasligi tushuntirildi.

    Fikrimiz soʻngida maqola boshidagi fikrimizga qaytamiz.

    Tadbirkorlarga oʻzganing tovar belgisidan foydalanish emas,oʻz tovar belgisini yaratishni tavsiya etamiz. Zero, qonunchilikni toʻlaqonli bilish bu – keng imkoniyatlar degani.

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi.