MCHJdan fermer xoʻjaligiga 340 million soʻm undirildi

    Qarzdor “Omad Star” maʼsuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli boʻlgan 3 dona yengil avtomashina aniqlanib, ushbu avtomashinalarga taʼqiq qoʻyilgan.

    Ishtixon tumanlararo iqtisodiy sudining 2020-yil 12-oktyabrdagi sud hujjatiga asosan qarzdor “Omad Star” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi “Taraqqiyot oq oltini” fermer xoʻjaligi foydasiga 340 million soʻm qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman boʻlimiga kelib tushgan.

    Shu kunning oʻzida ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinib, qaror nusxalari tomonlarga yuborilgan.

    Ijro harakatlari davomida qarzdor Byuroning “MIB-Portal” elektron tizimi orqali qarzdorga tegishli boʻlgan mol-mulklarni aniqlash maqsadida mutasaddi idoralarga soʻrovnomalar yuborilgan. Maʼlumotlarga koʻra, qarzdor “Omad Star” maʼsuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli boʻlgan 3 dona yengil avtomashina aniqlanib, ushbu avtomashinalarga taʼqiq qoʻyilgan.

    Shuningdek, qarzdorning bank hisob-raqamlarining chiqim qismiga band solinib, inkassa topshiriqnomasi berilgan.

    Mazkur ijro hujjati yuzasidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor “Omad Star” maʼsuliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi “Taraqqiyot oq oltini” fermer xoʻjaligi foydasiga 340 millioln soʻm qarzdorlik undirib berildi.

    Majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman boʻlimi