MDH davlatlari kursantlari oʻrtasida xalqaro olimpiada boshlandi

    Qurolli Kuchlari akademiyasi oʻquv jarayonini taʼminlash bazasida MDHga aʼzo davlatlar oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasida “Harbiy-kasbiy tayyorgarlik” yoʻnalishi boʻyicha VIII xalqaro olimpiadaning final bosqichi boshlandi.

    Unda Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Respublikalaridan 6 jamoa bellashishining oʻzi bu galgi musobaqaning nechogʻli murosasiz va qizgʻin bahslar asosida kechishini anglatib turibdi.

    Dastlab qurʼa tashlash yoʻli bilan jamoalarning shartlarni bajarish ketma-ketligi aniqlandi. Olimpiadada asosiy jamoalardan tashqari yana 3 ta mezbon jamoamiz oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazadi.

    Olimpiada ishtirokchilari besh kun mobaynida “Tibbiy tayyorgarlik” “Oʻquvda qiyin – jangda oson”, “Kimyoviy himoya”, “Orientirlash”, “Xalqaro gumanitar huquq”, “Qurolsoz”, “Duel”, “Mergan”, “Armiya biatloni”, “Yoʻlak” kabi musobaqalarda oʻz bilim va mahoratlarini sinovdan oʻtkazadilar.