MDH davlatlarining qay birida non arzon?

    Bilasizmi? 24 Fevral 2024 1227

    2023-yilda Qozogʻistonda 506,6 ming tonna non ishlab chiqarilgan. Bu undan avvalgi yilga nisbatan 2,3 foizga kam.

    Jumladan, bugʻdoy noni ishlab chiqarish 3,3 foizga kamayib, 378,7 ming tonnani tashkil etgan.

    Bunda 32,7 ming tonna boʻlka non, 21,6 ming tonna javdar non, 13,3 ming tonna javdar-bugʻdoy unlaridan tarkib topgan non ishlab chiqarilgan boʻlib, ulardan 586 tonnasi parhezga moʻljallangan, hamda 59,8 ming tonna boshqa xillardagi non tortiq etilgan.

    Joriy yil yanvar oyi yakuniga koʻra mamlakatda non narxining 5,6 foizga oʻsishi kuzatilgan. Jumladan oliy navdagi bugʻdoy unidan tayyorlangan non 9,2 foizga, birinchi navdagi non 4 foizga, javdar-bugʻdoy noni esa 6,9 foizga qimmatlashgan.

    Oliy navli bugʻdoy noni mamlakat bozorlari va doʻkonlarida 371 tenge/kilogramm, birinchi navli non 202 tenge/kilogramm, javdar-bugʻdoy noni esa 475 tenge/kilogramm narxlarida savdoga qoʻyilgan.

    Numbeo tahlilchilarining maʼlumotiga koʻra, 2024-yil 20-fevral holatiga 500 gramm vazndagi buxanka Qozogʻistonda 0,5 dollar turgan. Bu koʻrsatkich Ozarbayjonda 0,42 dollarni, Oʻzbekistonda, 0,47 dollarni, Rossiyada 0,51 dollarni, Ukrainada 0,64 dollarni, Armanistonda 0,69 dollarni tashkil etgan.

    Dunyo mamlakatlari orasida esa nonning arzon narxi Tunis va Jazoirda (0,16 dollar), eng qimmat narxi Amerika Qoʻshma shtatlarida (3,56 dollar) kuzatilgan. Gamilton va Bermud orollarida non narxi hatto 8,26 dollargacha koʻtarilgan.

    MDH davlatlari poytaxtlarida esa non narxi boʻyicha quyidagi koʻrsatkich kuzatilgan: Astanada 0,51 dollar, Olma-Otada 0,6 dollar, Bishkekda, 0,45 dollar, Bokuda 0,46 dollar, Kishinyovda 0,52 dollar, Toshkentda esa 0,54 dollar, Minskda 0,56, Moskvada esa 0,6 dollarni tashkil etgan, deb xabar beradi EnergyProm.