MDH Hukumatlar rahbarlari kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Hukumat 26 Oktabr 2023 1489

    Joriy yilning 26-oktyabr kuni Qirgʻiz Respublikasi Bishkek shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Hukumatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi mazkur majlsida ishtirok etdi.

    Qirgʻiziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov raisligida oʻtgan yigʻilishda Ozarbayjon Bosh vaziri oʻrinbosari Shaxin Mustafayev, Armaniston Bosh vaziri oʻrinbosari Mger Grigoryan, Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Qozogʻiston Bosh vaziri Alixan Smailov, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari Xojamirat Geldimiradov hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Bosh kotibi Sergey Lebedev, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etdi.

    Kun tartibiga muvofiq, MDH doirasidagi koʻp qirrali munosabatlarning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

    Bugungi sharoitda MDH davlatlarining barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va nostandart yechimlarni koʻrish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-oktyabr kuni Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan MDH sammitida soʻzlagan nutqida Hamdoʻstlik doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov soʻzlagan nutqida mazkur tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida umumiy saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

    Ushbu tashabbuslar Hamdoʻstlik davlatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya, qishloq xoʻjaligi, energetika, turizm, ekologiya, hududlararo hamkorlik, taʼlim, yoshlar siyosati, sport va madaniyat sohalarida oʻzaro manfaatli koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

    Majlis yakunida MDH hukumatlar rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2024-yil may oyida Turkmanistonda oʻtkazilishi maʼlum qilindi.

    MDH doirasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.