MDH mamlakatlari parlamentlari tomonidan ekologiyaga oid qator qonunlar ko‘rib chiqildi

    Yashil sayyora 27 Oktabr 2022 2378

    27-oktyabrda Samarqand shahrida MDH PA Agrar siyosat, tabiiy resurslar va ekologiya bo‘yicha doimiy komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Komissiya majlisi O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayogan MDH Parlamentlararo assambleyasining kuzgi sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

    Parlament a’zolari «Ekologik xavfsizlik to‘g‘risida», «Ekologik axborotdan foydalanish to‘g‘risida», «Ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilari to‘g‘risida», «Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi namunaviy qonunlarning yangi tahriri loyihalarini muhokama qildi.

    Shuningdek, «Ekologik fondlar to‘g‘risida», «Asalchilik to‘g‘risida», «Organik qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida»gi va «Tog‘-kon sanoati faoliyatining qo‘shni hududlarda yashovchi aholi salomatligiga potensial ta’sirini baholash to‘g‘risida»gi namunaviy qonunlar loyihalari komissiya e’tiborga havola etildi.

    MDH PPA tomonidan qabul qilinadigan namunaviy qonunlar keyinchalik faoliyatda foydalanish uchun milliy parlamentlarga taqdim etiladi, bu esa MDH mintaqasida umumiy huquqiy makonni yaratish va rivojlantirish imkonini beradi.

    Komissiya a’zolari tomonidan MDH PA huzuridagi Ekologiya va tabiatdan foydalanish bo‘yicha ekspert kengashi to‘g‘risidagi nizom muhokama etilib, o‘ninchi Nevskiy xalqaro ekologik kongressiga tayyorgarlik ko‘rish, qishloq xo‘jaligi siyosati, tabiiy resurslar va ekologiya sohasidagi milliy qonun xujjatlarini ishlab chiqish to‘g‘risidagi hamda komissiya tashabbusi bilan MDH PA tomonidan qabul qilingan namunaviy qonun hujjatlaridan foydalanish masalalari yuzasidan ma’lumotlar eshitildi. Shuningdek, 2023-yil kuz oylariga rejalashtirilgan «Tog‘li hududlarni barqaror rivojlantirish» xalqaro forumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama etildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.