MDH oʻyinlari yana ortga surildi

    Sport 29 Iyul 2020 827

    “Koronavirus boshogʻrigʻi”dan keyin dunyodagi eng yirik sport tadbiri boʻlishi kutilayotgan MDH oʻyinlari oktyabrga qoldirilmoqda.

    Maʼlumki, joriy yilning iyun oyida Rossiya sport vaziri Oleg Matitsin 20-27-avgust kunlari Tataristonning Qozon shahrida ilk bor oʻtkazilishi kerak boʻlgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi oʻyinlari koronavirus pandemiyasi sababli sentyabr oyining birinchi dekadasiga koʻchirilganini eʼlon qilgandi.

    Ammo bugun Tatariston sport vaziri Vladimir Leonov Rossiya hukumati va Tatariston rahbarlarining taklifiga binoan MDH oʻyinlarini oktyabr oyiga koʻchirish boʻyicha tegishli ishlar olib borayotganligini eʼlon qildi, deyiladi Tataristondagi rasmiy rt.rbc.ru sayti.

    MDH oʻyinlari tashkiliy qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, “koronavirus boshogʻrigʻi”dan keyin dunyo sport olamidagi birinchi eng yirik sport tadbiri boʻlishi kutilayotgan Qozon musobaqalarida hamdoʻstlik va mintaqadagi 11 ta davlat ishtirok etish istagini bildirgan edi. Barcha jarayonlar koʻngildagidek davom etsa, MDH oʻyinlarida 2,5 ming nafardan ziyod sportchi 21 ta sport turida medallar uchun kurash olib borishadi.

    Toʻlqin ROʻZIYEV.