Oʻzbekiston delegatsiyasi Parlamentlararo Assambleya Kengashining majlisida ishtirok etdi.
Kengash majlisining kun tartibidagi masalalar muhokamasiga oʻtishdan avval Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi raisi, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federal Kengashi Raisi V.Matviyenko Parlamentlararo ittifoqning Toshkent shahrida oʻtkazilgan 150-yubiley assambleyasi va uning natijalariga toʻxtalib, mazkur anjumanning yuqori saviyada tashkil etilgani, qabul qiluvchi tomonning mehmonlarni qabul qilish va tadbir oʻtkazishdagi yuksak mahorati hamda masʼuliyatini alohida eʼtirof etdi hamda Tanzila Kamalovnani va uning jamoasini ushbu nufuzli tadbirni yuksak darajada oʻtkazgani bilan tabrikladi.
Oʻz navbatida, Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva mazkur Assambleya MDH davlatlari parlament delegatsiyalarining faol ishtiroki, ularning qabul qilingan hujjatlarga qoʻshgan hissasi hamda ilgari surgan takliflari muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Shuningdek, kelgusida ham bunday yirik xalqaro anjumanlarni oʻtkazishda hamkorlik qilishga doimo tayyor ekanini alohida taʼkidladi.
Shundan soʻng kun tartibidagi masalalar koʻrib chiqildi.
Ishtirokchilar MDH PA xalqaro kuzatuvchilarining Belarus Respublikasi Prezidenti saylovi va Tojikiston parlament saylovi monitoringi natijalariga eʼtibor qaratdilar.
Xususan, MDH PA missiyasi koordinatori, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi A.Eshmuratovning 2025-yil 2-martda Tojikiston parlamentiga boʻlib oʻtgan saylovni kuzatish natijalari toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi.
Shuningdek, Kengash majlisida MDH Parlamentlararo Assambleyasining 2024-yildagi faoliyati sarhisob etilib, kelgusida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro sammitlarga tayyorgarlik masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.