MDH Parlamentlararo Assambleyasi parlamentarizmni rivojlantirishda muhim tuzilma

    Xalqaro hamkorlik 28 Sentabr 2022 1487

    Joriy yil 27-sentyabrda Oliy Majlis Senatida MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi qarori bilan mazkur tashkilot tuzilganligining 30 yilligi munosabati bilan taqdirlangan Senat aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, vazirlik va idoralar vakillariga yubiley medallari va esdalik nishonlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, MDH Parlamentlararo Assambleyasi Bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdilar.

    Tadbirda Senat Raisi Tanzila Narbayeva Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning Parlamentlararo Assambleyasi oʻtgan 30 yil davomida Hamdoʻstlik davlatlari oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb masalalarini birgalikda muhokama qilish, qarorlar qabul qilish uchun juda muhim maydon boʻlib xizmat qilayotganini, Assambleya MDH hududida demokratik jarayonlar va parlamentarizmni hamda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotganini taʼkidlab oʻtdi.

    Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, 1992-yil 27-martda Olma-ota shahrida ishtirokchi davlatlar parlament rahbarlari – taʼsischilar tomonidan imzolangan kelishuvga muvofiq Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlar Parlamentlarararo Assambleyasiga asos solingan. 1995-yildan u davlatlararo mustaqil tashkilot maqomiga ega.

    MDH Parlamentlararo Assambleyasi, avvalo, Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar tomonidan turli sohalardagi qonunchilik negizini yanada takomillashtirish, ijtimoiy siyosat, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, gumanitar va madaniy hamkorlik masalalarini hal qilishda oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishda alohida oʻrin tutadi.

    Oʻzbekiston parlamenti aʼzolari MDH Parlamentlararo Assambleyasining turli masalalar boʻyicha doimiy komissiyalari aʼzolari sifatida ham muvaffaqiyatli faoliyat olib boryapti, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, MDH PA Kengashining navbatdagi yigʻilishi joriy yil oktyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadi.