Kengash yigʻilishida Hamdoʻstlik mamlakatlaridagi saylov jarayonlarini monitoring qilishga katta eʼtibor qaratildi. Xususan, Rossiya va Ozarbayjondagi prezidentlik saylovlari hamda Belarusdagi parlament saylovini monitoringida Parlamentlararo Assambleya xalqaro kuzatuvchilari faoliyati koʻrib chiqildi.
Yigʻilish ishtirokchilari MDH PAning siyosiy masalalar va xalqaro hamkorlik hamda mudofaa va xavfsizlik masalalari boʻyicha doimiy komissiyalarining faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tingladilar.
Parlament aʼzolari milliy delegatsiyalarning barcha mulohazalarini inobatga olgan holda MDH Parlament Assambleyasida kuzatuvchi maqomi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ham maʼqulladilar. Shuningdek, bir qator boshqa hujjatlar ham tasdiqlandi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari MDH PA xalqaro kuzatuvchilarini joriy yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarni kuzatib borishda ishtirok etishga taklif etdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.