MDHga aʼzo davlatlar kuzatuvchilari referendum kampaniyasi monitoringini davom ettiryapti

    Dolzarb 24 Aprel 2023 1149

    “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligidan kelgan kuzatuvchilar missiyasi mamlakat hududlarida referendum boʻyicha kampaniyaning borishi monitoringini davom ettirmoqda.

    Missiya aʼzolari referendum oʻtkazish boʻyicha Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Fargʻona viloyatlaridagi okrug va uchastka komissiyalarida, shuningdek, Toshkent shahar okrug komissiyalarida boʻldi. Komissiyalar rahbariyati bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda MDHdan kelgan kuzatuvchilarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Kalendar rejasi doirasida referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

    Missiya aʼzolari uchastka saylov komissiyalariga tashrifi davomida saylovchilar roʻyxatini aniqlashtirish, fuqarolarni ovoz berish vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilish ishlari bilan tanishdi.

    Hamdoʻstlik kuzatuvchilari 2023-yil 19-aprelda boshlangan va 26-aprelda yakunlanadigan muddatidan oldin ovoz berish monitoringiga alohida eʼtibor qaratdilar.

    Hamdoʻstlikdan kelgan kuzatuvchilar ovoz berish uchun binolarning referendumga tayyorligini, zarur jihozlar, uslubiy va axborot materiallari bilan taʼminlanganligini taʼkidladi.

    Missiya shakllanishini yakunladi. Missiya tarkibida Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, Belarus va Rossiya Ittifoqi Parlament Assambleyasi, MDHga aʼzo davlatlarning Parlamentlararo assambleyasi va MDH Ijroiya qoʻmitasidan vakillik qiluvchi 95 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtgan, deb xabar beradi MDH davlatlari Ijroiya qoʻmitasi matbuot xizmati.