MDHga a'zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashi tuzilishi mumkin

    Dolzarb 21 May 2020 1298

    O'zbekiston milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish chora-tadbirlari belgilanmoqda. Prezidentning bu boradagi tegishli farmoni loyihasi muhokamaga qo'yildi.

    Hujjat loyihasi bilan, maqomi, moddiy-maishiy, transport va tibbiy ta'minot shart-sharoitlariga ko'ra: Markaziy saylov komissiyasi raisi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeriga tenglashtirilmoqda.

    Ta'kidlanishicha, parlamentda o'z fraktsiyasiga ega bo'lgan siyosiy partiyalar saylovlarda ishtirok etish uchun saylovchilarning qo'llab-quvvatlovchi imzolarini to'plashi shart emasligi to'g'risidagi qoida o'rnatilishi mumkin.

    SHuningdek, parlament saylovlarida majoritar tizimdan aralash (majoritar proportsional) tizimiga o'tish masalasi ham o'rganib chiqiladi.

    SHu bilan birga, quyidagi tadbir va loyihalar amalga oshirilishi ko'zda tutilgan:

    • “O'zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi va saylovlarni o'tkazish tajribasini yanada takomillashtirish” mavzusidagi xalqaro konferentsiyasini tashkillashtirish;
    • MDH doirasida Hamdo'stlikka a'zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashini tuzish tashabbusini ilgari surish;
    • BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikdagi “2020-2021 yillarda O'zbekiston saylov jarayonlarini qo'llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish va boshqalar.

    Farmon loyihasi bilan tanishish, fikr va mulohazalarni bildirish joriy yilning 6 iyuniga qadar davom etadi.