Mebel sanoatini rivojlantirish masalalari va istiqbollari muhokama etildi

    Sanoat 12 Avgust 2022 1109

    Joriy yil 11-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Aziz Voitov videokonferensaloqa tarzida DSP va MDF mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar bilan yigʻilish oʻtkazdi. Tegishli idoralar va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirokida ushbu yoʻnalishning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.

    Muloqot davomida qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidagi joriy holatni oʻrganish natijalari maʼlum qilindi. Xususan, quyidagi faktlar keltirildi: mamlakatimizda DSP mahsulotlariga oʻrtacha yillik ehtiyoj 600 000 kubometrni tashkil etadi. Bu ehtiyoj mahalliy ishlab chiqaruvchilar va asosan Eron, Turkmaniston va Rossiyaning importchi kompaniyalari tomonidan qoplanadi. Ushbu mamlakatlardan 2020-yilda 81 million dollarga 360 ming kubometr, 2021-yilda esa 136,5 million dollarga 607 ming kubometr mahsulot import qilindi.

    Maʼlumki, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari doirasida soʻnggi yillarda mamlakatimizda DSP mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Biroq, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hali ham xorijiy analoglar bilan raqobatlasha olmaydi. Buning sababi DSP ishlab chiqarish uchun asosiy xom ashyo boʻlgan «Formalin 37%” va «Karbamid-A»ning yuqori narxidadir. Shu munosabat bilan mutasaddilarga vaziyatni oʻrganish, xom ashyo tannarxini pasaytirish va jahon bozoridagi oʻrtacha narxlar bilan uygʻunlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

    Mamlakatning turli hududlarida DSP va MDF mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan 13 ta obyekt faoliyati tahlil etildi. Ulardan 7 tasi toʻliq quvvat bilan ishlayotgani, 6 ta korxona esa muammolarga duch kelayotgani aniqlandi. Muhokama davomida 4 ta korxona boʻyicha tadbirkorlarni tashvishga soladigan muammolarni hal etish yoʻllari topildi.

    Muloqot davomida ishlab chiqaruvchilarning murojaatlari tinglandi. Mamlakatda DSP va MDF ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha har bir eʼlon qilingan muammoning yechimi alohida nazoratga olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.