Mebel va yogʻochsozlik sanoati rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi

    “Mebel va yogʻochsozlik sanoatining rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-193-son, 27.05.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2025–2028-yillarda mebel va yogʻochsozlik sanoatini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi.

    Jumladan:

    mebel va yogʻochsozlik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 30 foizga oshirish;
    eksport hajmini 100 mln AQSH dollariga yetkazish;
    sohada 50 ming nafar aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash.

    2029-yil 1-yanvargacha Qarorda belgilangan mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona boji 1 foiz stavkada qoʻllaniladi.

    2025-yil 1-iyuldan oʻz xonadonida faoliyat yuritadigan YATTlarga mebel mahsulotlarini tayyorlash faoliyati bilan shugʻullanish huquqi beriladi.

    2025-yil 1-avgustdan mahalliy mebel texnologlari uchun rivojlangan xorijiy mamlakatlardagi nufuzli tashkilotlarning sohaga tegishli boʻlgan malaka sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.