Mehmon uylarini tashkil etish va boshqarish turizm rivojining muhim omili

    Turizm 18 Iyul 2023 1253

    Zomin tumanida oilaviy mehmon uylarini tashkil etish va boshqarish koʻnikmalari boʻyicha seminar-trening tashkil etildi.

    Madaniyat va turizm vazirligi, Oʻzbekiston Mehmon uylari va hostel egalari assotsiatsiyasi tomonidan “Mehmondoʻstlik akademiyasi” hamda Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Oilaviy mehmon uylari – qishloq hududlarida ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish vositasi” loyihasi doirasida joriy yil 15-16-iyul kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida seminar-trening tashkil etildi.

    Ushbu treningda “Duoba” MFYda istiqomat qiluvchi 35 nafar fuqarolar (xususan yoshlar va xotin-qizlar) uchun mutaxassislar tomonidan oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish, yuritish, marketing, targʻibot qilish, turistlarni jalb etish, xizmat koʻrsatish (servis jarayonlari, jumladan kutib olish, joylashtirish, xona xizmati, ovqatlantirish, sanitariya-gigiyena talablari, muomala madaniyati va boshqalar), shuningdek boshqa tashkiliy-huquqiy masalalar boʻyicha bilim va koʻnikmalar berildi.

    Shuningdek, seminar-trening doirasida mavjud mehmon uylari va oilaviy mehmon uylarini tashkil etish istagida boʻlgan qiziquvchilar bilan davra suhbati tashkil etilib, unda birgalikda muammolar va kamchiliklar birgalikda muhokama etildi va trenerlar tomonidan maslahatlar berildi.

    Mazkur seminar-treninglarni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad, qishloq aholisi daromadlarini oshirish, qishloqlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish, mahalla va qishloq aholisi orasida turizm madaniyatini shakllantirish va infratuzilma holatini yaxshilash pirovardida mahalliy aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan.

    Seminar-trening yakunida ishtirokchilarga malaka sertifikatlari topshirildi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.

    Shuningdek, xabar orqali avgust oyida Jizzax viloyatining Forish va Baxmal tumanlaridagi turizm salohiyati yuqori qishloqlarda ham seminar-treninglar tashkil etilishi maʼlum qilinadi.