Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand viloyati hamda Toshkent shahridagi ayrim oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamrohligida Toshkent tibbiyot pediatriya institutidagi oʻquv jarayonlar va talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tanishuv jarayonida institut moddiy-texnik bazasi, auditoriyalarning jihozlanishi, pedagog xodimlar va talaba-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda masofaviy taʼlim jarayoni uchun multimedia manbalarini tayyorlashga ixtisoslashgan “Yoshlar mediamarkazi” koʻzdan kechirildi.
Institutda ilmiy ishlar himoyalari oʻtkaziladigan kichik majlislar zali, 250 mindan ortiq oʻquv-ilmiy adabiyotlar fondiga ega axborot resurs markazi, talaba-qizlar fitnes klubi, trenajyor zali kabi 7 ta sport seksiyasini birlashtirgan “Sport sogʻlomlashtirish markazi” hamda zamonaviy talabalar oshxonasi mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.