Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov, Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tilo Klinner, Sakson iqtisodiyoti taʼlim markazi vakili Irina Aynert, “Sequa” tashkilotining Sharqiy va Gʻarbiy Yevropa, Markaziy va Sharqiy Osiyodagi hamkorlik loyihalari rahbari Anastasiya Tulke, Sakson biznes hamjamiyatining kasbiy taʼlim instituti vakili Albert Over, Oʻzbekiston Otelyerlar uyushmasi raisi Farangiz Abdullayeva va boshqalar ishtirok etdi.

Taqdimotda nutq soʻzlagan Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov soʻnggi yillarda turizm sohasi jadal rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

— Maqsadimiz — turizmda xizmat koʻrsatish sohasini yangi bosqichga olib chiqish, turizm sohasidagi xizmatlar sifatini oshirish, koʻlamini kengaytirish, – dedi Ulugʻbek Aʼzamov. — Qayd etish joizki, Germaniya va Oʻzbekiston otelyerlar uyushmasi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha mehmonxona boshqaruvi sifatini yangi bosqichga olib chiqish va Oʻzbekistonda mehmonxona boshqaruvida Germaniya tizimini joriy etishga qaratilgan. Oʻylaymanki, bu 2023-yilgi asosiy yoʻnalishlarimizdan biri boʻladi.

Vazir oʻrinbosari turizm xizmatlari sifatini yanada yaxshilashda taʼlim loyihalarini amalga oshirish muhim ekanligini taʼkidlab, bu boradagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tilo Klinner esa bugun taqdim qilinayotgan loyiha mamlakatimiz uchun juda muhim ekanligini qayd etdi.

— Oʻzbekiston oʻz madaniyati, qadriyatlari, obidalari bilan Yevropa, xususan, Germaniya fuqarolarini ham oʻziga jalb etyapti, — dedi Klinner. — Bu jarayonda esa turizm sohasida sifatli taʼlimni oshirish maqsadga muvofiq boʻladi. Sifatli taʼlim turizm sohasiga kirib kelayotgan yosh kadrlarga oʻzlari uchun kerakli koʻnikma va tajriba toʻplashga, kelajakda yetuk kadrga aylanishga imkoniyat yaratadi. Bu esa turizm sohasi rivojlanib borayotgan Oʻzbekiston uchun juda muhimdir.

Tadbirda mutaxassislar Oʻzbekistonda turizm va mehmondoʻstlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha va undan kutilayotgan natijalarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Sifatli taʼlim orqali mehmonxonalar va restoranlarda xizmat koʻrsatuvchilarning malakasini oshirish muhim ekanligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etish joizki, mazkur loyiha Oʻzbekiston turizm sohasida bilimli va yuqori salohiyatli kadrlar koʻpayishiga xizmat qiladi. Bu esa, albatta, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, xorijiy turistlar sonini yanada oshirishda muhim oʻrin tutadi.