баннер
24 Mar 2025
21:38

    Mehnat kodeksiga oʻzgartirishlar kiritilmoqda

    Prezident tomonidan 13.02.2025-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1030-son Qonun imzolandi.

    Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi «Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida»gi Qonun bilan tartibga solinmagan ismi boʻyicha tatbiq etiladi.

    Shuningdek, homiladorlik yoki bolasi borligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra xodimni ishdan boʻshatish taqiqlanmoqda.

    Bundan tashqari, mehnat shartnomasini elektron shaklda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida rasmiylashtirish tartibi joriy etilmoqda.

    Endilikda davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilishda ishga kirayotgan shaxsning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi ID-kartasi, mehnat daftarchasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali soʻrab oladi.

    Ilgari ish haqi saqlanmaydigan taʼtilning davomiyligi ish haqi saqlanmaydigan oxirgi taʼtil berilgan kundan eʼtiboran kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda 3 oydan oshmasligi kerak edi. Oʻzgartirishlarga koʻra, endilikda ushbu taʼtilning davomiyligi 12 oylik davr mobaynida jami 3 oydan ortiq boʻlmasligi kerak.

    Mehnatga haq toʻlashning barcha tizimlaridagi xodimlarning oʻrtacha ish haqi xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi 12 kalendar oy uchun xodimga hisoblangan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar summasining 1/12 qismi miqdorida belgilanadi.

    Aniqlik kiritilishicha, yakshanba har yilgi mehnat taʼtili vaqti uchun haq toʻlashda va mehnat shartnomasi bekor qilinganda foydalanilmagan mehnat taʼtili uchun kompensatsiya toʻlashda hisobga olinmaydi.

    Oliy, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida kechki yoki sirtki taʼlim shakli boʻyicha oʻqiyotgan xodimlarga oʻrtacha ish haqi saqlangan holda laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun oʻquv taʼtillari:

    • I va II kurslarda kechki taʼlim shaklida oʻqiyotganlar uchun oliy taʼlim tashkilotlarida kamida 20 kalendar kun, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida -kamida 10 kalendar kun, oliy, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlaridagi sirtqi taʼlim shakli boʻyicha esa kamida 30 kalendar kun;
    • III va undan yuqori kurslarda kechki taʼlim shaklida oʻqiyotganlar uchun oliy taʼlim tashkilotlarida kamida 30 kalendar kun, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida kamida 20 kalendar kun, oliy, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlaridagi sirtqi taʼlim shakli boʻyicha esa kamida 40 kalendar kun muddatga har yili beriladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.02.2025-yildan kuchga kirdi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech