Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar daromad soligʻi toʻlamaydi, ijtimoiy soliqni esa pensiya olish uchun ish stajiga ehtiyoj sezsagina toʻlaydi.

2021-yil 1-yanvardan boshlab mehnat migratsiyasi yoʻli bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlariga tenglashtiriladi (https://www.lex.uz/docs/4997972).

Ularga oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliqlarni toʻlash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qoʻllaniladi.

Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi.
(https://www.lex.uz/docs/4674902)
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar oʻziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega boʻlishi uchun Pensiya jamgʻarmasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq toʻlashi mumkin, bu 2020-yil uchun kamida BHMning 50 foizi hajmida (111 ming 500 soʻm) belgilangan.

Agar chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar Oʻzbekistonda pensiya va ish stajiga ehtiyoj sezmasa, unda Pensiya jamgʻarmasiga ijtimoiy soliq toʻlashning hojati yoʻq.

Koʻrinib turibdiki, mehnat migrantlarining oʻzini oʻzi band qilgan shaxsga tenglashtirilishi ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.