Oʻzbekistondan Rossiyadagi qurilish jarayonlariga 10 ming nafar mehnat migranti ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, nomzodlarni ishga jalb qilish, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, emlash, rus tili va Rossiya qonunchiligi boʻyicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari — ish beruvchilar tomonidan qoplanishi ham aytilgan.
Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan mehnat migrantlarini emlash uchun yangi turdagi “Sputnik Layt” (Sputnik Light) vaksinasining 12 ming dozasi yurtimizga olib kelindi.
“Sputnik Layt” bir komponentli vaksina boʻlib, u bilan toʻliq emlanish uchun vaksinaning bir dozasini olish kifoya qiladi.
Ushbu vaksina bilan faqat yurtimizdan yuborilishi moʻljallangan 10 ming nafar quruvchi migrantlar emlanadi. Vaksinatsiya jarayoni rossiyalik tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Emlash jarayonlari tez orada boshlanadi.