Qonun loyihasining maqsadi quyidagilardan iborat:
tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlarni qonun darajasida mustahkamlash;
xalqaro hujjatlardagi qoidalarning xususan, majburiy mehnatga, migrantlarning sogʻligʻiga ziyon yetkazuvchi sharoitlarda ishlash uchun jalb etishga yoʻl qoʻymaslik kabi qoidalarni milliy qonunga implementatsiya qilish;
tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatlarini belgilash;
fuqarolarning mamlakat tashqarisidagi faoliyatini tashkil etish, ularni uyushgan holda ishga joylashtirish hamda chet ellik fuqarolarni Oʻzbekistonda mehnat qilish uchun jalb etishning huquqiy mexanizmlarini belgilash.
Qonun loyihasida mehnat migrantlarining daromadlari ikki tomonlama soliqqa tortilmasligi belgilanmoqda.
Mazkur mazmundagi qonunni qabul qilish bir qator siyosiy partiyalar, shu jumladan OʻzLiDePning saylovoldi platformasida ham belgilangan edi.
Eʼtiborli jihati shundaki, qonun loyihasida hukumat va vakolatli davlat organlariga mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, sharoitlarini yaxshilash borasida choralar koʻrish vazifasi yuklatilmoqda.









