Qozogʻistonda mehnat migratsiyasini amalga oshirishda qonuniylikka tayanish hamda inson huquqi masalalari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 2 Noyabr 2022 2567

    Mamlakatimiz delegatsiyasi “Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi hukumatlari oʻrtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik toʻgʻrisida bitim”ning Qozogʻiston hududidagi ijrosini oʻrganish maqsadida 2022-yil 30-oktyabr – 4-noyabr kunlari Ostona va Olma-Ota shaharlarida boʻlib turibdi.

    Delegatsiya tarkibi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassislaridan iborat. Monitoringda Xalqaro migratsiya tashkiloti vakillari ham ishtirok etyapti.

    Tashrifning asosiy maqsadi – ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlikka oid bitimning Qozogʻiston hududidagi ijrosini oʻrganishdir. Bu boradagi oʻrganish natijalari negizida davlatlarimizning tegishli idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqiladi.

    30-oktyabrda boʻlib oʻtgan dastlabki uchrashuvda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari boʻyicha komissiya rahbariyati va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi Oʻtkirbek Ochilov inson huquqlarini himoya qilishga doir masalalar yuzasidan oʻzaro fikr almashdi.

    31-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Qozogʻiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vakillari ishtirokida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama teng huquqli aloqalarni yanada mustahkamlash, salohiyatli ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ishchilarni maʼlum bir yoʻnalishda kasbiy tayyorlash va ishga qabul qilish jarayonlarini tashkil qilish masalalari koʻrib chiqildi.

    Migrantlar huquqlari poymol qilinishi holatlarining oldini olish masalalari atroflicha muhokama etildi. Migrantlarning huquqlari himoyasini har tomonlama taʼminlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.