Mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiya toʻlanadi

    Ijtimoiy hayot 2 Avgust 2021 1760

    “Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–5205-son, 30.07.2021-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab 2022-yil 1-sentyabrga qadar “labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga oʻqigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

    - xorijiy tillar yoki kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda (735 ming soʻm);

    - yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda (490 ming soʻm);

    - rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda (1 mln 225 ming soʻmgacha) kompensatsiya toʻlanadi.

    Bunda:

    mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqaro “labor-migration” dasturiy majmuasi orqali masofaviy tarzda yoki bevosita Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Bandlikka koʻmaklashish markazlariga ariza bilan murojaat qiladi;

    ariza Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 1 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.

    2021-yil 1-sentyabrgacha:

    “labor-migration” dasturiy majmuasida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiyalarni olish imkonini beruvchi alohida sahifa tashkil qilinadi.

    2021-yil 1-avgustdan transport kompaniyalarining (zaruratga qarab, tez tibbiy yordamning koʻchma brigadalarining) mehnat migratsiyasida boʻlgan davrida jarohat olgan, baxtsiz hodisaga duch kelgan, oʻtkir yoki ogʻir kasalga chalingan fuqarolarni, shu jumladan ularning voyaga yetmagan farzandlarini Oʻzbekistonga olib kelish bilan bogʻliq xarajatlari, shuningdek, ushbu fuqarolarni tibbiyot xodimi kuzatuvi ostida qaytarishda tibbiyot xodimining xizmat safari xarajatlari qoplab beriladi.

    2021-yilda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasiga 52 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ ajratiladi.