Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining jamoatchilik kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda joriy yil fuqaro va tashkilotlar murojaatlari, mehnat va mehnat muhofazasi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi vazifalar va vazirlik tomonidan nodavlat-notijorat tashklilotlariga ijtimoiy buyurtma berish toʻgʻrisidagi masalalar muhokama qilindi.

Yigʻilishda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyatida mehnat munosabatlarida qonun buzilishi va ish haqini ololmaslik masalasida koʻmak soʻralayotganini aytdi.

Nozim Husanovning maʼlumot berishicha, 2022-yilning yanvar—iyun oylari davomida vazirlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali 75 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, mazkur murojaatlarning aksariyatida mehnat munosabatlarida qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilayotgani va ish haqini olishda muammolarga duch kelinayotgani bildirilgan.

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan murojaatlarning 17 tasida murojaatchi oʻz vaqtida ish haqini ololmayotganini aytgan boʻlsa, 14 tasida majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilgani oshkor qilingan. Shuningdek, 13 ta murojaatda ishdan tashqari vaqtda ishga jalb qilish, 12 ta murojaatda mehnat munosabatlari buzilishi, 11 ta murojaatda migratsiya masalasi va 8 ta holatda ish vaqtidan tashqari yigʻilishlar oʻtkazilayotgani maʼlum qilingan”, — deydi Nozim Husanov.

Vazirning qoʻshimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan mazkur murojaatlar oʻz vaqtida oʻrganilib, qisqa fursatda yechimini topgan.

Tadbirda taʼkidlanganidek, yil boshidan ayni kunga qadar vazirlikka kelib tushgan jami murojaatlar soni esa 197 ming 66 tani tashkil qiladi.

“Mazkur muammolarning 74 ming 201 tasi qanoatlantirilgan. 110 ming 265 tasiga tushuntirish berilgan, 748 tasi koʻrmay qoldirilgan. 10 ming 340 tasi oʻrganish jarayonida boʻlsa, 617 tasi rad etilgan. 895 tasi esa boshqa tashkilotlarga yoʻnaltirilgan. Eng achinarlisi vazirlikka kelib tushgan jami 197 mingta murojaatning ham 7 ming 542 tasi ham aynan oylik-maoshini oʻz vatqida olmaslik bilan bogʻliq murojaat”, — deydi vazir.