Mehnatkashlar manfaati qonun himoyasida

    Mamlakatimizda 16 Iyun 2021 817

    Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida “Mehnatkashlar manfaati qonun himoyasida” mavzusida seminar tashkil etildi.

    Seminar Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyat Kengashi tashabbusi bilan Fargʻona viloyat hokimligi, fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi, viloyat prokuraturasi hamda bandlik boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

    Seminarda viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, xodimlar boʻlimi, huquqshunoslar va kasaba uyushma qoʻmitasi raislari ishtirok etdilar.

    Bugungi kunda viloyat hokimligiga, viloyat prokuraturasiga, kasaba uyushmalariga, mehnat inspeksiyalariga mehnatga oid huquqlari buzilayotganligidan norozi boʻlib qilinayotgan murojaatlar soni ortib borayotganligi, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda ishga tiklash va mehnat nizolariga oid daʼvolarning oshganligi holatlarini muhokama qilish xodimlarning huquqlarini himoya qilishda ish beruvchilarning masʼuliyatini oshirish maqsadida tashkil etilgan seminar koʻtarinki ruhda oʻtdi.

    Seminarda mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish amaliyoti koʻproq nizoli jarayon boʻlib, ayrim hollarda ishchan xodim rahbarning xohishi bilan asossiz ishdan boʻshatiladi, goho aybli xatti-harakat qilgan xodim ishdan boʻshatilganda rahbarning mehnat qonunchiligini yaxshi bilmasligi va ishdan boʻshatishda xatoga yoʻl qoʻyganligi sababli uning shikoyati bilan oʻz ishiga tiklanib, bekor yurgan davriga ish haqini undirib oladi. Bunday noxush holatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun rahbarlar amaldagi mehnat kodeksining yaxshi bilishlari, ishchan xodimlarni mehnat huquqini himoyalovchi kasaba uyushma tashkilotlarining rahbarlari ham ushbu moddaning qoʻllash xususiyatlaridan xabardor boʻlishlari lozimligi taʼkidlandi.

    Ishtirokchilar tomonidan soha mutaxassislariga mehnat jarayonlarida uchrayotgan muammolar va mehnat nizolarini hal qilish tartibi toʻgʻrisida savollar berilib, atroflicha javoblar olishdi.

    A.Otaboyev

    Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi

    Fargʻona viloyat

    Kengashi raisi maslahatchisi.