Mehnatkashlar salomatligini asrash yoʻlida

    Ijtimoiy hayot 14 Aprel 2022 980

    14-aprel — “Butunjahon salomatlik kuni” munosabati bilan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyat kengashi tashabbusi bilan viloyat korxona va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yoshlar uchun yurish marafoni tashkil etildi.

    “Butunjahon salomatlik kuni – kasaba uyushmalari eʼtiborida” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad yosh xodimlar va mehnatkashlarni sportning ommaviy turlariga qiziqtirish orqali mehnat faoliyati samaradorligini oshirishga koʻmaklashish hamda ularni turli kasb kasalliklaridan muhofaza qilishdan iborat. Yurish marafonida 18-35 yoshdagi 3 000 nafardan ziyod oʻgʻil-qizlar, jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Marafon Buxoro shahridagi “Sitora” istirohat bogʻidan start oldi va Ark qoʻrgʻoni oldida marra chizigʻi belgilandi. Koʻhna Ark maydoniga yetib kelgan marafonchilar ertalabki gimnastika mashgʻulotlarini bajardi. Shuningdek, konsert dasturi yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

    Maʼlumot uchun: Buxoro viloyatida mehnatkashlarning ishdan ajralmagan holda sport-sogʻlomlashtirish mashqlarini bajarishi uchun 5 ta oliy oʻquv yurti, 537 ta oʻrta umumiy taʼlim maktabi, 20 ta oʻrta-maxsus kasb-hunar taʼlimi muassasasi, 450 dan ortiq korxona, tashkilot va muassasada sport turlari bilan shugʻullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hozirgi kunda 1010 ta korxona, tashkilot va muassasada xodimlar uchun stol tennisi, shaxmat va shashka doskalari joylashtirilgan kichik sport-sogʻlomlashtirish xonalari tashkil qilingan. Xodimlar oʻrtasida oʻtkaziladigan turli ommaviy sport musobaqalariga jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, bolalar va oʻsmirlar sport maktablari, sport majmualarining malakali mutaxassislari jalb etilyapti.

    Dostonbek Joʻrayev,

    Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi

    Buxoro viloyat Kengashining yoshlar masalalari

    boʻyicha rais maslahatchisi.