Unda “Saxovat”, “Muruvvat” va “Mehribonlik uylari” hamda maxsus maktab-internat sharoitlarini yaxshilash, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, yolgʻiz yashovchi fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bir qator topshiriqlar berdi.

Mazkur selektor yigʻilishi ishtirokchisi sifatida va kun tartibidagi masalaning ijtimoiy mohiyatidan kelib chiqib oʻzimning ayrim fikr va mulohazamlarimni bildirishni lozim topdim.

Taʼkidlash joizki, inson qadrini ulugʻlash, mehr va yordamga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash — davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishi. Mehr-muruvvat koʻrsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Buni biz pandemiya davrida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati keng tarqalib, elimiz ehtiyojmandlarga begʻaraz yordam bergani, qiyinchilik va sinovlarni bahamjihat yengib oʻtganida ham koʻrdik.

Davlatimiz rahbari tomonidan sohada ijobiy tomonga burilish yasash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, hokimiyatlar oldida muammolar yechimi va istiqboldagi vazifalar quyilib, unda masʼullar, moliyalashtirish manbalari, muddatlari aniq qilib belgilanib berildi.

Navoiy viloyatida ham nogiron va yolgʻiz keksalar qatlami bor, ularning aksariyati taqdir taqozosi bilan ijtimoiy hayotda faollik koʻrsata olmaydi.

Xususan, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar viloyat boʻlimi hisobida 556 nafar yakka yolgʻiz kishi ruyxatda turadi. Shu boʻlimga qarashli boʻlgan Nurota tumanida joylashgan “Muruvvat” erkaklar uyida esa 225 nafar nogironligi boʻlgan shaxs doimiy ravishda parvarish va davolanishda. Xalq taʼlimi viloyat boshqarmasi tizimida koʻzi ojiz bolalar uchun, eshitish qobilyati cheklangan bolalar va boshqa ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda jami 629 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Bundan tashqari 691 nafar nogiron bolalar esa uy sharoitida taʼlim olmoqda. Bu raqamlar shunchaki oddiy matematik raqamlar emas, balki zamirida odamlarning, ayniqsa bolalarning dardu-tashvishlari, orzu va umidlari mujassam boʻlganki uni soʻz bilan taʼriflash qiyin, ularga tezda shifo topish mushkul, biroq insoniylik munosabat koʻrsatishimiz, mehr oqibatli boʻlishligimiz bu biz uchun ham farz ham qarz, desak mubolagʻa boʻlmasa kerak.

Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi dasturida belgilangan rejalar asosida, “Mahalla” Fondi Navoiy viloyat boʻlimi va uning tumanlardagi boʻlinmalari joylarda “Muruvvat” erkaklar uyi, maktab-internatlar, nogiron boʻlgan shaxslarni birlashtiruvchi jamiyatlari bilan, shu jumladan nogiron boʻlgan shaxslar uchun manzilli xayriya tadbirlarini tashkil qilib kelmoqda.

Nurota tumanida “Muruvvat” erkaklar uyi bor, unda 225 nafar nogiron doimiy yashaydi. Ushbu muassasaga borib turamiz va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar viloyat boʻlimi bilan hamkorlikda xayriya ishlarini amalga oshirib kelmoqdamiz. “Mahalla” Fondi viloyat boʻlimi hisobidan gigiyena vositalari, maska, nogironlarga ichki kiyim kabi narsalar yetkazilgan.

“Muruvvat” erkaklar uyidagi nogiron shaxslar orasida rasm chizish, narsa yasash, hatto sheʼr yozadiganlari borligi, ularning soni sanoqli boʻlsada, bu eʼtiborli holat. Shunga bir misol keltirishni istardim. Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida 1999-yil tugʻilgan, I-guruh nogironi, Shodi Rajabov internatda parvarishlanmoqda. U sheʼr yozishga bolaligidan qiziqib, orzusi sheʼrlarini toʻplam qilish ekan. Uning barcha sheʼrlarini olib, viloyatimizda taniqli shoirlar guruhiga tanishtirildi. “Mahalla” Fondi viloyat boʻlimi mablagʻlari hisobidan “Yorugʻlik sari” nomli kitob-toʻplam shaklida 1000 dona “Sarmish nashr” tomonidan chop etildi. “Muruvvat” erkaklar uyi hovlisida, “Doʻstlik Bayrogʻi” gazetasi tahririyati koʻmagi bilan, jamoatchilik ishtirokida sheʼriy toʻplamning taqdimoti oʻtkazildi, matbuotda yoritildi. Shu bilan birga, sheʼriy toʻplamni muallif toʻgʻilgan mahallaga, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining mamlakatimizdagi barcha internat uylariga, Chiroqchi tuman hokimiyatiga va boshqa idoralarga pochta orqali begʻaraz yubordik.

Oʻtgan yili Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan qabul qilingan qarorlari asosida birinchi guruh nogironligi bor va sharoiti ogʻir boʻlgan 78 nafar ayollarning uy-joylari taʼmirlanib, ushbu xayrli ish uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan viloyat hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” IKga 1,7 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Navoiy shahridagi koʻp qavatli uylardagi kvartiralardan toʻrttasi xarid qilindi. Ushbu kvartiralarga birinchi guruh nogironligi boʻlgan va uy-joyi yoʻq toʻrt nafar qishloqda yashab kelgan ayollar joylashtirildi.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar viloyat boʻlimining murojaati bilan Xalq deputatlari viloyat kengashining qaroriga asosan 375 million soʻmga nogironligi bor fuqarolarga 100 dona qoʻl bilan harakatga keltiriladigan nogironlar aravachasi va 10 dona avtomatlashtirilgan pultli nogironlar aravachalari xarid qilindi.

Faxriddin Soliyev,

“Mahalla” xayriya jamoat fondi

Navoiy viloyat boʻlimi boshqaruvi raisi