Mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik ifodasi

    Farg'ona viloyati So'x tumanidagi Chorko'cha mahallasida umrguzaronlik qilayotgan Dilrabo Ismatova hamqishloqlar, mehr-saxovatli kishilar mehridan bahra olib kelmoqda.

    Baxtsiz hodisa tufayli xonadonda yuz bergan yong'in oilaga iqtisodiy jihatdan zarar keltirdi. Xonadoni, ro'zg'or jihozlari birmuncha shikastlandi. Uy-joyni tiklash, ta'mirlash uchun oilaning iqtisodiy imkoniyati yetmasdi. Bir tomonda qish ostona xatlab turibdi.

    Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan xabar topgan “Mahalla” xayriya jamaot fondi So'x tuman bo'limi va boshqa saxovatpesha tadbirkorlar o'ksik qalblar ko'nglini ko'tardi. Dilrabo Ismatova xonadonida hashar uyushtirilib, yong'indan talofat ko'rgan uyning tom qismi shifer qilindi, eshik va romlar o'rnatildi. Hasharda ko'pning ko'magi qo'l keldi. Qisqa fursatda uy-joy tiklandi, “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

    So'x tumanida ijtimoy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va ma'naviy ko'mak berish borasida ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda “Xushyor” mahalla fuqarolar yig'ini, Bo'ston ko'chasi 33-uyda yashayotgan Xojalxon Mirzabekova, Sebzor mahallasidagi Maxpira Mirzoyeva hamda Qaqir mahallasidagi Shohida Valiyeva holidan xabar olinib, ko'ngil so'raldi, ularga “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berildi.

    Rasuljon Kamolov,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri.