«Mehr-saxovat» ko'krak nishonini ta'sis etildi

    Mamlakatimizda 26 May 2020 6589

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mehr-saxovat» ko'krak nishonini ta'sis etish to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.

    «Mehr-saxovat» ko'krak nishoni bilan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari:

    - jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko'rsatgani;

    - tanti va olijanob xalqimizning buyuk tarixiy va ma'naviy qadriyatlarini, milliy an'analarini munosib davom ettirib, mehr-oqibat, saxovat va himmat kabi yuksak fazilatlarni ulug'lab kelayotgani;

    - aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga ko'tarishga katta hissa qo'shgani;

    - xayriya va saxovat mablag'larini to'g'ri va xolis yo'naltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga o'z vaqtida beminnat ko'mak berishdagi tashabbuskorligi;

    - bugungi murakkab va og'ir sharoitda jamiyatda tinchlik-osoyishtalik, birlik va o'zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlashdagi faolligi;

    - beg'araz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan ko'pchilikka alohida o'rnak bo'lgani uchun mukofotlanadi.

    «Mehr-saxovat» ko'krak nishoni bilan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

    Mehr-saxovat» ko'krak nishoni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.