Mehr ulashilgan fayzli oqshom

    Mamlakatimizda 30 Iyul 2021 562

    Kuni kecha Muhtaram Yurtboshimiz Sh.Mirziyoev tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yurtimizda Voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha komissiyalari tugatilib, o‘rniga Bolalar masalalari bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etilishi, ushbu komissiyaning asosiy maqsadi va vazifalari belgilab berilib, 16 ta «Mehribonlik uyi» va 4 ta «Bolalar shaharchalari» xalq ta’limi Vazirligi tasarrufidan chiqarilib, Milliy gvardiyaga o‘tkazilishi ta'kidlab o‘tildi.

    Ota-ona mehridan mahrum va nogironligi bor bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyatning faol a’zolari sifatida tarbiyalash barchamizdan jiddiy e’tibor va amaliy harakatlarni talab qiladi.

    Birorta bola «men yetim yoki nogironman» deb o‘ksinmasligi, hyech bir bola davlat va jamiyatimizning e’tibori va mehridan chetda qolmasligi kerak. Buning uchun ularni eng zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish, bilim olishiga barcha sharoitlarni yaratib berish barchamiz uchun muqaddas burch.

    Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari mehribonlik uylari bilan hamkorlikdagi ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishni rejalashtirgan. Ayni damda «Har bir bola-e’tiborimizda!» shiori ostida o‘tayotgan bugungi tadbir ham boshlanayotgan xayrli ishlarimizning mantiqiy davomi desak xato bo‘lmaydi. Aslida bolalarga berilayotgan e’tibor kelgusida Yangi O‘zbekistonning ertasi bo‘lgan kelajagimiz davomchilarini tarbiyalash ekanligi nazarda tutiladigan bo‘lsa, ziyolilar zimmasida ulkan vazifalar turibdi.

    Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ta’kidlanganidek, «Mehribonlik uylari»da ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bog‘liq ishlar qoniqarsiz ahvolda, bitiruvchilarining ish bilan to‘liq ta’minlanmagani kabi muammolar borligi bu sohada yechimini kutayotgan masalalar hali ko‘p va jiddiy munosabat nihoyat darajada zarur. Shu ma’noda ushbu muammolarning bartaraf etilishida hamda suyukli Andijonimizda qalbi o‘ksik bolalar bo‘lmasligi uchun fidoiylik bilan ishlash talab etiladi. Qachonki, biz ziyolilar, bolalarga ular doimiy e’tiborda ekanini, mehrimiz hamisha baxshidaligini singdira olsakkina, o‘z oldimizga qo‘ygan vazifani bajargan bo‘lamiz. Bugun o‘tkazilgan tadbir beg‘ubor qalblarga bir olam sevinch ulashdi, yuzlardagi quvonch, samimiyatni ko‘rib ko‘ngling tog‘dek ko‘tarilar ekan. Qaysidir ma’noda, qilgan ishingdan o‘zing ham rozi bo‘lar ekansan.

    Bugun biz ham bolalik-poshsholik bo‘lgan davrga bir lahza bo‘lsada qaytgimiz keldi. Boshqacha aytganda, ular bilan so‘zsiz dillashdik, ko‘zlar bilan yuraklariga mehr ulashdik.Birga o‘ynadik, quvondik, birga bo‘ldik. Bor mehrimizni yuragimiz qo‘ri bilan berdik.Bugun tadbirda talabalar qo‘g‘irchoq teatrining sahnaviy chiqishlari, milliy va zamonaviy raqslar, rasmlar tanlovlari, ertak qahramonlari bilan uchrashuvlar har bir bolaning qalbiga bir olam ezgulikni hadya qildi. O‘sha onlarda kelajagimiz davomchilarining yuzlaridagi shodlikni ko‘rib, bolalarga bering dunyoni, sho‘x-shodon kulgulari bilan dunyoni to‘ldirsin, ajib raqslari bilan ko‘ngillarga surur ulashsin degim keldi.

    Bolajonlarning masum ko‘zlariga boqib, har bir bola e’zozu ardoqqa, mehrga loyiq ekanligini his qildim! Chunki yurtimiz ertasi bo‘lgan aziz bolalarimiz buyuk bobokalonlarining munosib davomchilaridir! Ana shu munosib davomchilarni munosib qilib tarbiyalash har bir ziyolining muqaddas vazifasi va bu yo‘lda fidoiylik asosiy mezonimiz bo‘lmog‘i zarur.

    1. Botirov,

    Andijon davlat tibbiyot instituti prorektori.