Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyida esa mehrga tashna koʻngillar yashaydi. Ijod ahli Poytaxtning Seul koʻchasida joylashgan 24-uyga tez-tez borib turishadi.
Bugun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, uyushma raisi oʻrinbosari Nodir Jonuzoq, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Maʼmura Zohidova, Shodi Otamurod ushbu goʻshada boʻldi.
– Biz sizlarga Sharof Boshbekov, Xayriddin Sulton, Erkin Aʼzam singari ijodkorlarning kitoblarini sovgʻa sifatida olib keldik, – deydi Sirojiddin Sayyid. – Shu manzilu makondan Abdulla Qodiriy, Oybek, Gʻafur Gʻulom kabi ulugʻ insonlar chiqqan. Men oʻylaymanki, sizning safingizdan ham katta yozuvchi-shoirlar chiqadi.
Mehmonlar bu yerda tarbiyalanayotgan yigit-qizlarga, maskan kutubxonasiga uyushma tomonidan chop etilgan, turli nomdagi 100 dona kitob, uyushma xoʻjaligida yetishtirilgan asal sovgʻa qildi.
Oʻquvchilar bilan dildan suhbatlashildi. Shoirlar oʻz sheʼrlaridan, oʻgʻil-qizlar ustoz ijodkorlar ijodidan namunalar oʻqidi. Faol oʻquvchilarga Sirojiddin Sayyid oʻzining “Eldoshlarim, dilshodlarim” kitobiga qoʻlxat yozib sovgʻa qildi.
Bunday samimiy suhbat va qimmatli sovgʻalardan oʻquvchiyu ustozlar juda xursand boʻldi.
Fozil Farhod,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
raisining matbuot kotibi